Qozog‘iston telefon kodini o'zgartiradi

+7 bilan boshlanadigan Qozog‘istonning telefon kodi +997 ga o'zgaradi. Bu haqda Qozog'istonning raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoati vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha,+7 telefon kodi o'rniga Qozog'iston Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) telekommunikatsiyalarni standartlashtirish byurosida +997 ni saqlab qo'ygan. Aloqa operatorlari bilan yangi xalqaro telefon kodiga o'tish rejasi ishlab chiqildi.

Qozog'istonning +7 raqamlash zonasidan chiqishi masalasi Rossiya aloqa boshqarmasi bilan birgalikda hal qilinadi. Jarayon tugagandan so'ng, xalqaro ittifoq Qozog'istonga yangi kod tayinlaydi.

Vazirlik rejalariga ko'ra, Qozog‘iston 2023-yil yanvaridan yangi milliy kodga o‘tadi. Shu bilan birga, yangi va eski kodlardan ikki yil davomida parallel ravishda foydalanish mumkin. To‘liq o‘tish 2025-yildan kutilmoqda.