Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida Markaziy Osiyodagi eng katta masjid ochildi

Qayd etilishicha, masjid joylashgan yer maydoni 10 gektarni tashkil etadi. Umumiy maydoni — 68 062 kvadrat metr. Katta gumbazning balandligi 83,2 metr, diametri 62 metr. Masjid to‘rt minorali bo‘lib, balandligi 130 metrni tashkil qiladi.

Masjidning yerosti qismida 440 o‘rinli ziyofat zali, 405 o‘rinli yopiq avtoturargoh, qabulxona, hojatxona, texnik va marosim xizmatlari uchun joy, qurbonlik qilish joyi va boshqa xonalar mavjud. Birinchi va ikkinchi qavatlarda namoz o‘qiladigan joydan tashqari darsxonalar, majlislar zali, nikoh zali, Qur’on o‘qish zali, telestudiya, idoralar, xizmat xonalari, savdo do‘konlari va muzey mavjud.

Masjidning umumiy sig‘imi 235 000 kishini tashkil etadi. Taxminan 200 000 kishi binoning ochiq maydoniga to‘g‘ri keladi. Masjid hovlisida bir vaqtning o‘zida 170 ming kishi namoz o‘qishi mumkin. Masjid ichida 35 ming kishi, ya’ni: erkaklar uchun mo‘ljallangan joyda 30 ming kishi, ayollar uchun mo‘ljallangan joyda 5 ming kishi.

P.S. Masjidning ochilish marosimida Qozog‘iston birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. Yangi masjid aynan uning tashabbusi bilan uch yil ichida qurilgan.