Rossiya Markaziy banki biznes vakillariga $5000 dan ko‘proq pul yechishni taqiqladi

Rossiya Markaziy banki yangi valyuta cheklovlarini joriy qildi. Joriy yilning 10-martidan 10-sentabriga qadar biznes vakillariga 5 ming dollar yoki shu miqdor ekvivalentidagi yevro, yapon iyeni va funt sterlingda pul yechish taqiqlanadi.

Ushbu davr mobaynida mahalliy kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar AQSh dollari, yapon iyeni, funt sterling va yevroni naqd pul ko‘rinishida 5000 ming AQSh dollari ekvivalentida va faqat xorij davlatlariga ish safarlari vaqtida xarajatlarni qoplash uchun olishlari mumkin (boshqa valyuta birliklari bo‘yicha cheklovlar mavjud emas). Maxsus vaziyatlarda esa bankning regulyatorga murojaati bilan ushbu summa oshirilishi mumkin.

Xorijiy kompaniyalar va norezident tadbirkorlar 10-sentabrgacha hisobvaraqlar va omonatlardan naqd shaklda dollar, yevro, yapon iyeni yoki funt sterlingni ololmaydi.

Norezidentlar boshqa valyutalarni o‘z hisoblaridan tegishli kun bo‘yicha bozor kursida cheklovlarsiz yechib olishlari mumkin.