Rossiyada qisman safarbarlik chog‘ida 300 mingdan ortiq zahiradagi askar chaqiriladi

Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach, ruslar o’z yurtini tashlab, boshqa davlatlarga ketayotgani aytilmoqda. Xabarlarga ko’ra, rossiyaliklar tomonidan Istanbul, Erevan, Tbilisi yo’nalishlari bo’yicha barcha aviachiptalar xarid qilib bo’lingan.
Shuningdek, rossiyaliklar Toshkentga uchadigan barcha reyslar biletlarini sotib olishgani haqida xabar tarqalmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bugunga va ertangi kunga Moskvadan Toshkentga biletlar qolmagani haqida xabarlar tarqalmoqda.
“Insayder UA” Telegram-kanalining ma’lumotiga ko’ra, safarbarlik e’lon qilinganidan keyin bir necha daqiqalar ichida Moskvadan Istanbulga, Tbilisiga va Erevanga to’g’ridan to’g’ri reyslar uchun chiptalar to’liq xarid qilingan.
“Rossiya Federatsiyasida safarbarlikka tayyorgarlik ko’rish va safarbarlik to’g’risida”gi qonunga muvofiq, harbiy hisobda turgan fuqarolar yashash joyidan harbiy komissariatlar ruxsatisiz chiqib ketishi taqiqlanadi. Shuningdek birinchi, ikkinchi va uchinchi navbatda urushga tortiladigan harbiylar haqidagi ma’lumotlar tarqaldi.
Eslatib o’tamiz, bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda harbiy safarbarlikni e’lon qildi, uning ortidan Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham o’z murojaatini yo’lladi.
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, qisman safarbarlik chog‘ida 300 ming zaxiradagi askar chaqiriladi.






