Savdo-sanoat palatasi QQSni qaytarishning muammolari va istiqbollarini oʼrganmoqda

Joriy yilning 14-may kuni Savdo-sanoat palatasi vakillari Toshkentdagi International Hotel mehmonxonasida tadbirkorlar bilan navbatdagi biznes nonushtani tashkil etdi.
Unda Savdo-sanoat palatasining yangi missiyasi – ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va SSP aʼzolarining raqobatbardoshligini oshirish orqali Oʼzbekiston iqtisodiy oʼsishiga koʼmaklashish missiyasining taqdimoti boʼlib oʼtdi. Bundan tashqari, SSP tadbirkorlarga QQS ni qaytarishning asosiy muammolari va istiqbollarini muhokama qilish platforma vazifasini oʼtadi.
International Hotel mehmonxonasida Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʼmitasi hamkorligida tashkil etilgan biznes nonushta barcha hududlardan yurtimizning yetakchi mutaxassislari hamda turli tadbirkorlik sohalari vakillarini jamladi. Uchrashuvning muhim maqsadlaridan biri -tadbirkorlarga QQS ni qaytarish boʼyicha muammolar va konstruktiv yechimlarni ochiq muhokama qilish uchun maydon yaratishdan iborat boʼldi.
Tadbir davomida Davlat soliq qoʼmitasi va Moliya vazirligi vakillari QQS ni qaytarish boʼyicha mavjud muammolar va yechimlar haqida maʼruza qildi.
Shuningdek, tadbirkorlarning takliflari tinglanib, yigʼib olindi. Yigʼilish davomida vakolatli organlarga tahliliy maʼlumot tayyorlash uchun QQSni qaytarish boʼyicha yechimlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov belgilangan vazifalar bilan bir qatorda SSPning yangi missiyasi – ham ichki, ham tashqi bozorda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va palata aʼzolarining raqobatbardoshligini oshirish orqali Oʼzbekiston iqtisodiy oʼsishiga koʼmaklashish missiyasi bilan tanishtirdi.






