Seulda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya hukumatlararo qo‘mitasining 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 25 noyabr kuni Seul shahrida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya Hukumatlararo qo‘mitasi (HQ)ning 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri Moon Sun Vok hamraislik qildi.
Yig‘ilishda ikki mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tegishli agentliklari va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida investitsiyalar, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish, energetika, axborot-kommunikatsiya sohasi va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbir dasturi doirasida so‘zga chiqqan HQ hamraislari koronavirus pandemiyasining jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siriga qaramasdan, rivojlanish sur’atlarini saqlab qolgan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning barqaror xususiyatini qayd etdilar. Koreya tomoni O‘zbekistonga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish milliy dasturlarini amalga oshirishda yordam berishga sodiqligini hamda o‘zaro hurmat asosida va ikki mamlakat manfaatlarini hisobga olgan holda uzoq muddatli strategik sheriklikka tayyor ekanini bildirdi.
Hukumatlararo darajadagi ochiq muloqot hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun o‘zaro manfaatlar yo‘nalishlarini aniq belgilab olish hamda iqtisodiy sheriklikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash imkonini berdi.
Uchrashuv yakunida tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlar va ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning asosiy mexanizmlarini aks ettiruvchi yakuniy bayonnoma imzolandi.






