Shavkat Mirziyoyev shu hafta Qozog‘istonga tashrif buyuradi

Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov brifingda ma’lum qilishicha, 12-14-oktabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha kengash yig‘ilishi, MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi hamda “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga tashrif buyuradi.

Tashrif kun tartibida xorijiy davlatlar, shu jumladan, Vyetnam Vitse-prezidenti Vo Txi An Suan, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, 11-oktabr kuni davlat rahbari mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Tatarston prezidenti Rustam Minnixanovni qabul qiladi. Unda hududlararo hamkorlikni yangi mazmun va aniq loyihalar bilan yanada rivojlantirish hamda amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi qo‘shma dasturlarni jadallashtirish masalalarining muhokamasi ko‘zda tutilgan.