ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvining 23-majlisi boʻlib oʻtdi

2022-yil 14-sentabr kuni Toshkent shahrida O'zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvining 23-majlisi onlayn va oflayn rejimda boʻlib oʻtdi.
Yig‘ilishda ShHT Bosh kotibining o‘rinbosari E.Ashimov, ShHT Ishbilarmonlar kengashining ijrochi kotibi S.Kanavskiy, O‘zbekiston Respublikasidan D.Vahabov, shuningdek, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston Respublikalari Ishbilarmonlar kengashi milliy qismlarining raislari, kuzatuvchi davlat Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi, hamda tashkilotga a'zo mamlakatlar ishbilarmon doiralarining nufuzli vakillari ishtirok etdilar.
ShHT Ishbilarmonlar kengashi – tashkilotga a'zo davlatlar o’rtasida ishbilarmon doira vakillarini jalb etgan holda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha maslahat qarorlari qabul qilish va ekspert baholarini berishga vakolatli mustaqil tuzilma hisoblanadi.
Bu galgi ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvining majlisini o‘tkazishdan asosiy maqsad, Kengash doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, biznes masalalari bo‘yicha fikr almashish, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, joriy va keyingi yillar uchun ikki tomonlama hujjatlar portfelini shakllantirishdan iborat.
Shu bilan birga, yig‘ilish davomida tashkiliy ishlar ham ko’rib chiqildi. ShHT Ishbilarmonlar kengashining 2023-yil 1-yanvardan 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatga yangi raisi etib Hindiston Respublikasi ShHT Ishbilarmonlar kengashining milliy qismi raisi Shiv Vikram Xemku saylandi.
Tadbir yakunida ShHT Ishbilarmonlar kengashining milliy qismlari raislari uchrashuvda erishilgan kelishuvlar bo’yicha rasmiylashtirilgan bayonnoma imzoladilar.






