SSSRning so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyov vafot etdi

Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS) markaziy qo‘mitasining so‘nggi Bosh kotibi va SSSRning yagona Prezidenti Mixail Gorbachyov 91 yoshida vafot etdi.
OAV Gorbachyov “og‘ir va uzoq davom etgan kasallikdan keyin” vafot etganini xabar qildi. Ularga ko‘ra, Gorbachyov o‘limidan sal avval kasalxonaga gemodializ uchun kelgan.
So‘nggi yillarda Gorbachyov buyrak kasalligidan aziyat chekayotgan edi. Xususan, siyosatchi bir necha yil davomida gemodializdan o‘tgani haqida ma’lumotlar bor.
Siyosatchi Moskvadagi Novodevichiye qabristonida rafiqasi Raisa Gorbachyova yoniga dafn etiladi. Dafn marosimining sanasi hali belgilanmagan.
Mixail Gorbachyov 1931-yil 2-martda hozirgi Stavropol o‘lkasi hududida tug‘ilgan. Moskva davlat universitetining yuridik fakultetini qizil diplom bilan tamomlagan.
Gorbachyov sovet davlatining so‘nggi rahbari va KPSS markaziy qo‘mitasining so‘nggi Bosh kotibi edi — u bu lavozimni 1985-yilda egallagan. Ko‘p o‘tmay, siyosatchining tashabbusi bilan davlat siyosiy va iqtisodiy tuzilishiga tegishli qayta qurish islohotlari boshlanishi e’lon qilindi.
Qayta qurish sovet jamiyatini sezilarli darajada demokratlashtirishni, shu jumladan saylov tizimini isloh qilishni talab etdi. 1989-yil bahorida SSSR xalq deputatlari uchun saylovlar bo‘lib o‘tdi, bu aslida 1917-yilda bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelganidan keyin birinchi erkin saylovlarga aylandi.
Gorbachyov davrida Afg‘onistondagi o‘n yillik harbiy kompaniya yakunlandi, u yerdan sovet qo‘shinlari olib chiqildi. 1990-yilda Mixail Gorbachyov SSSRning birinchi Prezidenti bo‘lib, bu lavozimni egallagan yagona siyosatchi sifatida tarixga kirdi. Xuddi shu yili u tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.






