Tadbirkorlarga 5 milliard soʼmgacha kreditlar ajratiladi

Yigʼilishda hozirgi murakkab vaziyatda biznes va tadbirkorlikni yanada qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha choralar koʼrib chiqildi.
Xizmatlar sohasida avval ajratilib, qaytarilgan 360 milliard soʼm resurslardan bugungi kunga qadar atigi 9 milliard soʼmi (yoki 3 foizi) yangi loyihalariga yoʼnaltirilgani taʼkidlandi.
Xizmatlarni rivojlantirish uchun banklarga joylashtirilgan resurslar boʼyicha avvalgi foiz (10 foiz) stavkalarini oʼzgarishsiz qoldirish topshirildi.
Tadbirkorlik jamgʼarmasining tadbirkorlarga kompensatsiya toʼlovlarini kengaytirish uchun jamgʼarmaga 400 milliard soʼm, keyinchalik yana 500 milliard soʼm yoʼnaltirish vazifasi qoʼyildi.
Bundan tashqari, xizmatlar sohasi uchun Milliy bank tomonidan jalb qilingan 200 million dollar hisobidan tadbirkorlarga 5 milliard soʼmgacha kreditlar ajratiladi. Bunda, kredit stavkasi Tadbirkorlik jamgʼarmasi kompensatsiyasi bilan 18 foizdan oshmaydi.
1 dekabrga qadar yuqorida qayd etilgan mablagʼlar toʼliq tadbirkorlarga berilishi shartligi belgilandi.






