Tadbirkorlik subyektlarining mahsulot va xizmatlar aylanmasi 650 trln so‘mdan oshdi

2022-yilning birinchi yarmida 336 408 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlariga ko‘ra 650,4 trln so‘mlik mahsulot va xizmatlar aylanmasi amalga oshirildi. Shundan 198,6 trln so‘mi soliqqa tortilmaydigan imtiyozli aylanmalar.

Bu haqda Davlat soliq qo'mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, faoliyat turlari kesimida umumiy aylanma hajmining 43,7% sanoat tarmog‘ida faoliyat yurituvchi 40 656 tadbirkorlik subyekti tomonidan amalga oshirilgan. Ularning birinchi yarim yillikda tovar aylanmasi 284,5 trln so‘mga yetdi.

Shuningdek, jami tovar aylanmasining chorak qismidan koʻprog‘i – 168,3 trln soʻm (25,9%) — savdo sohasida faoliyat yurituvchi 132 603 ta subyekt tomonidan amalga oshirilgan.

Tovar aylanmasining qolgan qismi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlandi:

qurilish - 50 trln so‘m (7,7%);
tashish va saqlash – 30,4 trln so‘m (4,7%);
qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 21,7 trln so‘m (3,3%);
axborot va aloqa – 11 trln so‘m (1,7%);
yashash va ovqatlanish xizmatlari – 5,4 trillion so‘m (0,8%);
sog‘liqni saqlash – 2,5 trln so‘m (0,4%);
boshqa tarmoqlar – 76,6 trln so‘m (11,8%).