Tashkent pharma park ilmiy-oʼquv qismlаrini yarаtish loyihаsi аmаlgа oshirilаdi

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-oʼquv qismlarini yaratish” (I bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 152-son qarori qabul qilindi.

Prezidentning 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4574-son qaroriga asosan Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri tashkil etilgan edi.

Klaster oʼz ichiga ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalar, farmakopeya markazi va mehmonxonaga ega simpoziumlar markazidan iborat oʼz infratuzilmasiga ega boʼlgan Farmatsevtika texnik universiteti, shuningdek innovatsion dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarish boʼyicha sanoat zonasini tashkil etishni qamrab olgan.

Loyihani ikkita bosqichda qurilish-montaj ishlarini bosqichma-bosqich moliyalashtirish va amalga oshirish bilan roʼyobga chiqarish nazarda tutilgan.

Birinchi bosqichda koʼp tarmoqli universitetning oʼquv binolari, oʼquv-ilmiy laboratoriyalar, klinik oldi tadqiqotlar markazi, farmakopeya markazi, kutubxona, sport-sogʼlomlashtirish majmuasi, turar joy qurish amalga oshiriladi.

Koreya Respublikasi Hukumatining Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlantirish va hamkorlik jamgʼarmasi (EDCF) tomonidan Oʼzbekiston Respublikasiga 10 yil imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga 83,7 mln АQSh dollari miqdorida qarz taqdim etildi.

Loyihaning umumiy qiymati 98,6 mln АQSh dollariga teng TIА ishlab chiqilgan. Farmasevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi loyihani amalga oshirish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.