Tashqi ishlar vazirligiga Samarqandga sayohlar oqimini oshirish boʼyicha “yoʼl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi

Davlatimiz rahbari soha oldida turgan yana 6 ta katta masala yechimi boʼyicha navbatdagi vazifalarni belgilab bermoqda.

"Oʼtgan hafta Samarqandda yangi barpo etilgan Turistik markazda yirik xalqaro tarixiy tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini yuqori saviyada oʼtkazdik.

Bunda xalqimiz, davlatimiz yuksak madaniyati va bunyodkorlik salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga Oʼzbekiston raisligi va Samarqand sammiti doirasidagi keng koʼlamli ishlarimiz va tashabbuslarimizga xalqaro tashkilotlar, ishtirokchi davlatlar rahbarlari yuqori baho bergani barchamizga gʼurur bagʼishlaydi.

Samarqandda barpo etilgan yangi aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park, boshqa koʼngilochar va dam olish majmualari – mamlakatimiz tarixida yangi turizm darvozasi va Yangi Oʼzbekistonning “tashrif qogʼozi”ga aylanishiga aminman", dedi Prezident.

Endi ularni ham oʼzimizning aholi, ham xorijiy sayyohlar uchun ishlatishimiz kerakligi taʼkidlandi.

Shu bois Tashqi ishlar vazirligiga:

“Samarqand – Yangi Oʼzbekistonning turizm darvozasi” targʼibot kampaniyasini oʼtkazish;

Samarqandga sayohlar oqimini oshirish boʼyicha “yoʼl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

Elchixonalar oldiga xorijiy mamlakatlarda targʼibot kampaniyasi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, mashhur turistik blogerlar uchun press-turlar tashkil etish vazifasi qoʼyildi.