TXIF yakunlari boʼyicha 7,8 mlrd dollarlik shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi

Poytaxtimizda Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) oʼz ishini yakunladi. 2 mingdan ortiq ishtirokchilarni – jahonning 56 mamlakatidan yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlarni birlashtirgan tadbir biznes dunyosidagi muhim voqeaga aylandi.
Forum orqali mamlakat hukumati xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatiga investorlar uchun eng qulay va jozibali sharoitlarni yaratish hamda xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan oʼzaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning yoʼnalishlarini belgilab berdi.
Forum doirasida Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi va Saudiya Аrabistoni Podshohligi oʼrtasidagi Hukumatlararo komissiyasining 5-yigʼilishi, “Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar” Oʼzbekiston-Xitoy investitsiyaviy forumi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va rivojlanish boʼyicha hamkorlar ishtirok etgan Oʼzbekiston uchun “mamlakat platformasi” boʼlib oʼtdi. Forum ishtirokchilari ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar chogʼida ham faol fikr almashdilar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Tadbirning amaliy ahamiyatini ham taʼkidlash joiz. Jumladan, Forum yakunlari boʼyicha 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Shuningdek, qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish boʼyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
TXIF oʼzini mintaqalararo va xalqaro aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun keng koʼlamli muloqot platformasi sifatida namoyish etib, mamlakatlararo va mintaqalararo investitsiyaviy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning kuchli katalizatoriga aylandi.






