Umid va ishonch ramzi bo‘lgan yetuklik shahodatnomalari barchangizga muborak bo‘lsin

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yo’lladi.
“Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga – umringizning yanada go‘zal va mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim dargohlarida “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar yangrab, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashuv tadbirlari o‘tkazilayotgan ushbu quvonchli va g‘oyat hayajonli damlarda hammangizga kelgusi hayotda ulkan yutuq va omadlar tilayman.
Umid va ishonch ramzi bo‘lgan yetuklik shahodatnomalari barchangizga muborak bo‘lsin!
Hech qachon unutmang, kelajakda sizni yanada ulkan va mas’uliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan cho‘qqilarga albatta erishasiz.
Barchangizga ishda va o‘qishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.
Doimo sog‘-omon bo‘ling!
Intilib, izlanib yashashdan aslo to‘xtamang!
Baxt va omad hamisha hamrohingiz bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!” - deyiladi Davlatimiz rahbari yo’llagan tabrikda.






