Vosiljon Nazarov Farg‘ona shahriga yangi hokim etib tayinlandi

Bugun, 24 yanvar kuni Xalq deputatlari Farg‘ona shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Nazarov Vosiljon Shuxratovich nomzodini Farg‘ona shahar hokimi lavozimiga tavsiya qildi.
Tavsiya etilgan nomzod shahar kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
"Tashabbuskor, izlanuvchan rahbar, befarq emas, harakatchan, fidoyi, yosh kadrlardan biri", - dedi Xayrullo Bozorov.
Bu lavozimda ish yuritgan sobiq hokim Mirzohid Ubaydullayev Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot uchun: Vosiljon Nazarov 1984 yil Buvayda tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2006 yildan moliya tizimida mehnat qilib kelgan, 2019-2021yillarda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2021 yildan Bag‘dod tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.






