Xorijdan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 23-25-avgust kunlari o’tkaziladi

Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi oliy ta'lim muassasalaridan, shuningdek O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliygohlardan davlat OTMga ko‘chirish bo‘yicha test mtihonlari 23-25-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Test sinovlari ochiq maydonlarda tashkil etilib, imtihon 1-smenada 08:00 dan 11:00 ga qadar, 2-smenada 18:00 dan 21:00 ga qadar o’tkaziladi.

Test sinovlari 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi hamda talabgorlarga mutaxassislik fanlarida 20 tadan, majburiy fanlarda 10 tadan jami 70 ta test topshirig‘i va ularni ishlash uchun 3 soat vaqt ajratiladi. To‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ball bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob uchun mutaxassislik fanlarida 3,15 balldan, majburiy fanlarda 2,1 balldan beriladi.

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining xabar qilishicha, test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Davlat test markazining my.dtm.uz saytidan olish mumkin.

Shuningdek, talabgorlardan test sinovi o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan kamida 1 soat oldin shaxsini tasdiqlovchi hujjat va test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnoma bilan kelishlari talab etiladi.