Xorijiy davlatlarda tuzilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 25 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 37 davlatda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 54 ta saylov uchastkasi tuzilgan edi.
Joriy yilning 13 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 37 davlatdagi 54 ta uchastka saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.
Uchastka saylov komissiyalari tarkibiga elchixona xodimlari, konsullar, elchixona maslahatchilari, xorijdagi tadbirkor yurtdoshlarimiz, madaniy markaz vakillari, Uzbekistan Airways va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari, shuningdek xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ham kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.






