“Yangi O‘zbekiston” universiteti Germaniya OTMlari bilan aloqalar o‘rnatdi

Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaning Myunxen shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Myunxen Texnika universiteti rahbari Friederike Hettinger bilan uchrashib, mazkur tashkilot taqdimoti va strategiyalari bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” universiteti faxriy rektori professor Volfgang Herrmann bilan bo‘lgan uchrashuvda universitetda amalga oshiralayotgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Muzokaralar davomida o‘quv qo‘llanmalari, darslar mazmuni, universitet uchun tayyorlangan materiallar hamda pedagoglar malakasi yuzasidan fikr almashildi.
"Yangi O‘zbekiston" universitetida mahalliy va xorijiy sanoat korxonalari bilan doimiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, talabalarning amaliyot o‘tashi uchun keng imkoniyatlar taqdim etishda xalqaro tajribalarni keng joriy etish masalasi ko‘rildi.
Shu bilan birga, Myunxen tashrifi davomida Bavariya Davlat kanselyariyasi Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik boshqarma boshlig‘i Doktor Marten Shlotter bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. "Yangi O'zbekiston" universitetida ilmiy ishlarni Bavariya industriyasi ehtiyojlari bilan integratsiyalash bo‘yicha muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda boshqaruv masalalarida ko‘mak berilishiga kelishib olindi.






