Yaponiya - Oʼzbekiston: koʼp qirrali hamkorlik rivoji va qoʼshma loyihalar

Joriy yilning 29-aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayashi bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Uchrashuv chogʼida ikki mamlakat oʼrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar sohalardagi muloqotni faollashtirishga qaratilgan qoʼshma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Barqaror va uzoq muddatli xarakteri bilan ajralib turadigan Oʼzbekiston-Yaponiya hamkorligi yildan-yilga kengayib borayotgani taʼkidlandi. Ikki davlat oʼrtasidagi munosabatlar oʼzaro hurmat, tenghuquqlik, bir-biri manfaatini hisobga olish va qoʼllab-quvvatlashning oʼzgarmas tamoyillari asosida qurilgan va rivojlanib bormoqda.

Tomonlar soʼnggi 5 yil ichida energetika, kimyo sanoati, avtomobilsozlik, taʼlim va mehmonxona biznesi sohalaridagi investitsiyaviy hamkorlik sezilarli darajada oʼsganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda alohida faollik kuzatilmoqda.

Ikkala mamlakatning ham energetika va infratuzilmani rivojlantirish sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish boʼyicha hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiqligi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar atmosferaga uglerod chiqindilarning chiqarilishini kamaytirish va “yashil” texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan hamkorlik doirasida navbatdagi tadbirlarni koʼrib chiqdilar. Bu Oʼzbekistonning Parij iqlim shartnomasiga muvofiq issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish boʼyicha olgan majburiyatiga mos keladi.

Oʼzbekiston davlat muassasalari uchun taʼlim va malakali kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi dasturlarni amalga oshirish boʼyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi. JDS dasturida ishtirok etayotgan Yaponiya universitetlari roʼyxatini kengaytirish, shuningdek, oʼzbekistonlik talabalar uchun ushbu dasturda ishtirok etish kvotalarini oshirish rejalari borligi maʼlum qilindi.