Yaponiyadan Oʻzbekistonga sayohat qiluvchi turistlar oqimini oshirish rejalashtirilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Tokio shahrida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiro Tanaka bilan uchrashdi. Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muxsinxoʻja Abdurahmonov ham ishtirok etdi.

Unda turizm va madaniy meros sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Akixiro Tanaka, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar fonida turizm, madaniy meros va taʼlim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar “Buyuk Ipak yoʻli” madaniy merosini asrash va uning raqamli arxivini yaratish, muzeylardagi eksponatlarni raqamlashtirish va u yerda faoliyat yurituvchi xodimlar malakasini oshirish, tarixiy obyektlar restavratsiya va konservatsiyasini oʻtkazish, uzoq togʻli va choʻl hududlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va bunda yaponiyalik mutaxassislarni Oʻzbekistonda ishlashga jalb qilish kabi masalalarni muhokama qilishdi.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida charter dasturni amalga oshirish orqali Yaponiyadan Oʻzbekistonga sayohat qiluvchi turistik oqimni oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakuniga koʻra, tomonlar YUNESKO koʻmagida Oʻzbekistondagi tarixiy obidalarni restavratsiya va konservatsiya qilish, uzoq hududlarda turistik infratuzilmani takomillashtirish hamda umrining katta qismini arxeologik va madaniy merosni tadqiq qilishga bagʻishlagan marhum Kato Kyudzu xotirasiga Surxondaryo viloyatida memorial kompleks yaratishga doir loyihalarni amalga oshirish masalalarini birgarlikda ishlab chiqishga kelishdilar.