YeTTBning Yillik yig‘ilishi Samarqandda o’tkaziladi

31-yanvar kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi binosida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida YeTTB Boshqaruvchilar kengashining 32-Yillik yig‘ilishini joriy yilning 16-18-may kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida “O‘zaro anglashuv memorandum” imzolandi.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Shuhrat Vafayev, Bank tomonidan esa O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan YeTTB Bosh kotibi Kazuxiko Koguchi ishtirok etdi.
Imzolangan hujjat Bankka aʼzo 73 ta davlatdan 1500 dan ortiq mehmon ishtirok etadigan YeTTBning Yillik yigʻilishi va biznes-forumga tayyorgarlik koʻrish, tadbirlarni oʻtkazish va yoritish boʻyicha har bir tomonning aniq tashkiliy vazifalarini belgilaydi.
Tadbirning asosiy mavzusi iqtisodiyot barqarorligiga sarmoya kiritish bo‘ladi. Yig‘ilish davomida Bankka a’zo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan panel muhokamalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Biznes-forumda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo munosabatlar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa ko‘plab masalalar yuzasidan ekspertlar ishtirokida muhokama qilinadi.






