Yevropa parlamentining Afg‘oniston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi bilan uchrashuv bo’lib o’tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Yevropa parlamentining Afg‘oniston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Petras Austrevichyus bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa parlamentining afg‘on yo‘nalishidagi munosabatlari, bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.
2022-yil 23-fevralda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchilari va vakillari maslahat uchrashuvining samarali natijalari mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Yuqori martabali diplomat O‘zbekistonning Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatishdagi muhim rolini qayd etdi.
Yevropa tomoniga O‘zbekistonning afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish va Afg‘onistonga iqtisodiy ko‘mak berish borasidagi sa’y-harakatlari haqida ma’lumot berildi.






