YeXHTning milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissari rasmiy tashrif bilan Toshkentga keladi

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissari (YeXHT MOOK) Qayrat Abdurahmonov 28-iyuldan 2-avgustga qadar rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat organlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan O‘zbekiston va MOOK vakolatxonasi o‘rtasidagi hamkorlik masalalari va kelgusidagi o‘zaro aloqalar istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
Tashrif doirasida oliy komissar Oliy Majlis, Tashqi ishlar, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida muzokaralar olib boradi, mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar madaniyat markazlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.






