Shavkat Mirziyoyevning ITB prezidenti bilan uchrashuvi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni mamlakatimizda islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar Kengashining 46-yillik sessiyasi dasturi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jasirni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida ITB prezidenti davlatimiz rahbarini va O'zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, yanada ravnaq va farovonlik tiladi.

Poytaxtimizda pandemiya boshlanganidan buyon ilk marotaba bankning muhim tadbirlari o'tkazilgani qayd etildi.

Forumda ITBga a'zo davlatlar hukumatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon doiralar rahbarlari va nufuzli ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etmoqda. 4,5 mingga yaqin delegat onlayn va Offlayn formatlarda ishtirok etmoqda.

O'zbekiston rahbari Muhammad Al-Jasirni ITB prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor tabrikladi.

Davlatimiz rahbari ITB bilan hamkorlikni izchil kengaytirish, ayniqsa, O'zbekistonda keng ko'lamli islohotlar dasturini ilgari surishda uning salmoqli hissasi va qo'llab-quvvatlashiga yuksak baho berdi.

2022-2025 yillarga mo'ljallangan yangi hamkorlik dasturini tezda qabul qilish va amalga oshirish, shuningdek, bankning Toshkent shahridagi to'laqonli ofisini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

O'zbekiston bilan ITB o'rtasida strategik sheriklik va to'laqonli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.