O'zbekiston-Saudiya ko'p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov Saudiya Arabistoni Qirolligining investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan ikki tomonlama investitsiyalar va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalarini ko'rib chiqdilar.

2021 yil 3-may kuni tashqi savdo va investitsiyalar vaziri S. Umurzoqov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahriga tashrif buyurib, O'zbekiston-Saudiya savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligini yanada chuqurlashtirish bo'yicha muzokaralar olib bordi. Tashrif davomida Saudiya Arabistoni hukumat delegatsiyasining shu yil yanvar oyida bo'lib o'tgan O'zbekistonga tashrifi yakunlari bo'yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilishi jarayoni ham ko'rib chiqildi.

Energiya va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga qo'shimcha Saudiya sarmoyasini jalb qilish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi. Joriy yilning mart oyida “ACWA Power” direktorlar kengashi tomonidan Sirdaryo viloyati va Qoraqalpog'iston Respublikasida umumiy qiymati 3 mlrd. dollar bo’lgan qo'shimcha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi O'zbekiston Respublikasida energiya ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirishning yangi dasturi tasdiqlangani ta'kidlandi.

Shuningdek, ikki mamlakat o'rtasida doimiy to'g'ridan-to'g'ri yo'lovchi reyslarini tashkil etish orqali o'zaro turistik oqimlarini ko'paytirish masalalariga to'xtalib o'tdilar. Xususan, ziyorat turizmini har ikki yo'nalishda rivojlantirish uchun muhim salohiyat qayd etildi, shu munosabat bilan tomonlar ushbu yo'nalishdagi hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.

Tadbir natijasida ustuvor yo'nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo'yicha amaliy harakatlar to'g'risida kelishib olindi.