Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni

Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi yangi jamg‘arma O‘zbekiston Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Unda milliy ilm-fan va innovatsiya tizimining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rnini oshirish, hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligining asosiy vazifalari hamda 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlari ham belgilangan. Bu borada vazirlik biotexnologiyalarni rivojlantirish sohasida biofarmatsevtik mahsulotlar, rekombinant va DNK vaksinalar, biotibbiyot tashxislash texnologiyalari hamda hududlar xususiyatidan kelib chiqib gen va hujayra muhandisligiga asoslangan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi biotexnologik navlarini yaratish bilan shug‘ullanadi. “Sun’iy intellekt”ni joriy etish sohasida yo‘l-transport infratuzilmasi, ta’lim va sud tizimida “aqlli” innovatsion texnologiyalarni joriy etadi. Qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida muqobil va ekologik toza energiya manbayi – “yashil” vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va qo‘llash bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni yaratadi. Buning uchun esa Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.