“Universal Horses Stable” ot sporti markazida polo boʻyicha musobaqa tashkil etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi hamda Oʻzbekiston polo federatsiyasi tashkil topganiga 2 yil toʻlishi munosabati bilan polo boʻyicha musobaqa boʻlib oʻtdi. Unda bu yilgi barcha turnirlarda ishtirok etayotgan 4 jamoa gʻoliblik uchun bahs olib bordi.
Kurashlarga boy oʻtgan bellashuvlarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Toshkent viloyati boshqarmasi jamoasi gʻalaba qozondi. Ushbu jamoa polochilari hal qiluvchi bellashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qoshidagi ot sporti boʻyicha oliy mahorat maktabi vakillaridan ustun kelishdi. Uchinchi oʻrin Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Toshkent shahri boshqarmasi aʼzolariga nasib etdi.






