1 milliard dollarlik loyiha: Yangi Toshkent xalqaro aeroporti Singapur kompaniyasi bilan hamkorlikda quriladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi arafasida “Uzbekistan Airports” va “Changi Airports International” o‘rtasida Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatda yangi “Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasini birgalikda amalga oshirish, jumladan, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish, ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish, yo‘lovchilar tashish, jumladan, tranzitni ko‘paytirish, yangi aviakompaniyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
“Biz dunyodagi eng yaxshi aeroportlardan birini, eng yirik xalqaro markazlardan birini yaratgan kompaniyaning yangi poytaxt aeroporti loyihasiga qiziqishini olqishlaymiz. Toshkent qulay geografik mavqega ega ekanligini hisobga olsak, mamlakatimizda aynan mana shu konsepsiyani amalga oshirish mumkin.
Bundan tashqari, Changi - bu texnologiya, bu aeroport faoliyatidagi tajriba, bu dunyoning tan olinishi. Bunday hamkor bilan ishlash biz uchun sharaf bo‘ladi”, - deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘raeva.
Qayd etilishicha, Bitim doirasida birinchi bosqichda (6 oy) Changi Airports International kompaniyasini davlat-xususiy sheriklik loyihasiga xususiy sherik sifatida jalb etish imkoniyatini hisobga olgan holda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini birgalikda ishlab chiqish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollarigacha yetishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun: Changi aeroporti — xalqaro aeroport, Osiyodagi aviatsiya markazlaridan biri va Singapurdagi yagona aeroport. 1981-yilda ochilganidan buyon aeroport aviatsiya sanoatida etalonga aylandi va 1987-yildan 2007-yilgacha yigirma yil davomida 280 dan ortiq mukofotlarga sazovor bo'ldi. 2019- yilda Singapur Changi aeroporti 68,3 million yo'lovchini ro'yxatga oldi va bu xalqaro yo'lovchilar soni bo'yicha dunyodagi 7-o'rinni egalladi.






