1000 ta korxonaning davlat aksiyalari sotuvga chiqariladi

Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni yig‘ilish o‘tkazdi va unda o‘z qarori bilan uchta yo‘nalish – aksiyalar, ko‘chmas mulkni sotish va IPO tashkil etish bo‘yicha faoliyatni belgilab beruvchi yangi xususiylashtirish dasturini tasdiqladi.
Dastur quyidagi bosqichlarni nazarda tutadi:
Birinchidan, 1 mingta korxonadagi davlat aksiya paketlari sotuvga chiqariladi.
Ikkinchidan, 1 mingta ko‘chmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga qo‘yiladi. Ularda 600 gektar yer va 1 million kvadrat metrli bino-inshootlar mavjud. Eng muhimi, infratuzilma bilan ta’minlangan va aholi punktlariga yaqin.
Ushbu obyektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi. 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan obyektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi.
Uchinchidan, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotiladi. Jumladan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “O‘ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2 foiz aksiyalari aholiga taklif etiladi. Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dastur samarasida joriy yilda 13 trillion so‘m tushum ta’minlanadi, 3 mingta yangi korxona tashkil etish va 50 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.






