160 dan ortiq xalqaro kompaniyalar ishtirokidagi yirik ko’rgazma faoliyatiga start berildi

Xabar berganimizdek, joriy yilning 23-25-noyabr kunlari potaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati va qadoqlash texnologiyalari yo'nalishlarida xalqaro ko'rgazmalarga mezbonlik qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, 2022-yilgi qo‘shma ko‘rgazma ishtirokchilari qatoriga dunyoning 20 mamlakatidan 160 dan ortiq kompaniyalar kiritilgan. Xususan, O‘zbekiston, Belarus, Belgiya, Bolgariya, Xitoy, Chexiya, Daniya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya, Polsha, Koreya Respublikasi, Rossiya, Turkmaniston, Turkiya va Yaponiya shular jumlasidandir.
UzAgroExpo-2022 XVII Xalqaro ko‘rgazmasi kuz mavsumining eng yirik sanoat tadbiri bo‘lib, unda har yili qishloq xo‘jaligi texnikasi, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, tomchilatib sug‘orishning innovatsion tizimlari, issiqxonalar, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik va veterinariya uchun ilg‘or texnologiyalarning keng ko‘rgazmasi namoyish etilmoqda.
Shuningdek, “UzProdExpo-2022” XVII Xalqaro ko‘rgazmasi – oziq-ovqat, qayta ishlash va sovutish uskunalarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uchun har yilgi namoyish maydonchasidir. Oziq-ovqatlar, ichimliklar va ularni ishlab chiqarish uchun zarur ingredientlar alohida sektorda namoyish etilmoqda.
Bundan tashqari, “InterPackExpo-2022” V Xalqaro ko‘rgazmasi doirasida har qanday g‘oyani tayyor mahsulotga aylantirishga yordam beradigan texnologiyalar va kompleks yechimlar, shu jumladan bosma uskunalari, plastmassa va faneradan tayyorlangan mahsulotlar, qadoqlash uskunalari, tayyor upakovkalar va boshqalar taqdim etilmoqda.
Har yili o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar doirasida xorijiy ekspozitsiyalarning tashkil etilishi ularning mavqei va mahsuldorligi oshib borayotganidan dalolat berishini ta’kidlash quvonarlidir. Ushbu keng ko‘lamli tadbir ishtirokchi korxonalarga yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, kerakli mahsulotlarni sotib olish yoki o‘z mahsulotlarini taklif qilish, yangi tovar belgilari, texnologiyalar va bozordagi zamonaviy tendensiyalar bilan tanishishga qulay imkon yaratadi.






