17 million dollarlik loyiha doirasidagi qurilishni boshlashga koʼrsatma berildi

Yigʼilishda yangi koʼp qavatli uy-joylar loyihasida sanitar-gigienik talablar asosida zamonaviy chiqindi yigʼish shoxobchalari qurish talabi shaharsozlik normalariga kiritilishi zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, hududlar rahbarlariga resursini oʼtab boʼlgan maishiy chiqindi poligonlarini (jami 165 gektar maydonda 24 ta) 1 mayga qadar koʼmish choralarini koʼrish topshirildi.
Mutasaddilarga poligonlarni rekultivatsiya qilish dasturini ishlab chiqib, tegishli ishlarni boshlashga topshiriq berildi.
Umuman, kelgusi yildan poligonlar tashkil etish va ularni yopishni tartibga solish boʼyicha aniq moliyaviy manbalarini koʼrsatgan holda qonun loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Bir oy muddatda Ohangaron tumanida Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokidagi 30 gektar maydonda poligon tashkil etish boʼyicha 17 million dollarlik loyiha doirasidagi qurilishni boshlashga koʼrsatma berildi.






