2 oy oldingi voqealar negizida ham aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolari ko'rindi

Davlatimiz rahbari shuncha sa’y-harakatlarga, Qoraqalpog‘istonga ajratilayotgan katta-katta mablag‘larga qaramay, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qilayotgan muammolar saqlanib qolayotganini qayd etdi.

"Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar “xalqni rozi qilish” degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan", dedi Prezident.

Bugungi kunda ham aholi o‘rtasida ichimlik suvi, ichki yo‘llar, elektr ta’minoti, ishsizlik, narx-navo kabi muammolar yuzasidan bildirilayotgan shikoyatlar yuqoriligicha qolmoqda.

Aslida, 2 oy oldingi voqealar negizida ham aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topmasdan yotgani ko‘rsatib o‘tildi.

"Afsuski, ayrim rahbarlar xalqimizga xalol xizmat qilish o‘rniga farovonligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mablag‘larni samarasiz sarflash, yaratib berilgan imkoniyatlarni ishga solmaslik, el-yurt uchun jonini berib ishlamaslik holatlariga yo‘l qo‘yib kelmoqda", dedi Prezident.