2021-yil 21-dekabr kuni Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi va “BMT-Ayollar” tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti a’zolari, mintaqa parlamentlari va hukumatlari vakillari, BMTTD, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi va “BMT Ayollar” tashkiloti rahbarlari, “Ra'edat” Tenglik uchun arab ayollari parlamentariylar tarmog'i va Afrika yetakchi ayollari birlashmasi vakillari ishtirok etdilar.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva ushbu mintaqaviy platforma bir yildan kamroq vaqt ichida asoschilar kelishib olgan barcha vazifalar, shu jumladan, 2021-yil uchun Muloqot harakatlar rejasini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi. “Muloqot shafeligida o‘tkazilgan 12 ta tadbir yakuniga ko‘ra 8 ta hujjat qabul qilindi. Ular doirasida gender tengligi va barqaror rivojlanishni ta’minlashning deyarli barcha jihatlari qamrab olindi. Kelgusi yilda Muloqot doirasida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, sa’y-harakatlarni aniq natijalarga erishishga qaratish orqali ushbu ijobiy dinamikani saqlab qolishimiz kerak”, – deya ta’kidladi T.Narbayeva.
Shuningdek, BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger BMT hamkor tuzilmalari, xalqaro va milliy hamkorlarga koʻrsatayotgan muhim ko’magi uchun minnatdorlik bildirib, Markaziy Osiyoda yetakchi ayollar mintaqa xotin-qizlarining manfaatlari himoyachilariga aylanganini taʼkidladi.
Yigʻilishda 2022-yilga moʻljallangan mintaqaviy platformaning ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarda ishtiroki darajasini oshirish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni oʻz ichiga olgan Muloqotning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlariga Murojaatnomasi qabul qilindi.






