2021-yil va 2022- yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari ijrosi tanqidiy ko‘rib chiqildi

Oliy Majlis Senatining 2022-yil 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan 28-yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2021-yil yakunlari bo‘yicha ijrosi va 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari muhokama qilindi.
Respublikamiza amalga oshirilgan samarali fiskal va monetar siyosat natijasida iqtisodiyotimizni o‘sish suratlari 2021-yilda 7,4 foizni tashkil etdi. 2022- yilning I choragida yalpi ichki mahsulot hajmini 5,8 foizga o‘sishi taʼminlangan.
Davlat byudjeti daromadlari hajmi 2021-yilda oldingi yilga nisbatan deyarli 32 trln so‘mga o‘sgan. Joriy yilning birinchi choragida ham ijobiy o‘sish suratlari saqlanib qolingan. 2022-yilning I choragida Davlat byudjeti daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 trln so‘mga ko‘paygan.
Davlat budjeti daromadlari o‘sishiga so‘nggi yillardagi soliq siyosatining o‘zgartirilishi, iqtisodiyot sohalarida olib borilayotgan islohotlar hisobiga soliq bazasining kengaytirilishi taʼsir ko‘rsatganligi qayd etildi.
Davlat budjetining xarajatlarini moliyalashtirilishi taʼminlangan. Jumladan, 2021-yilda ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat budjetidan 39 trln 641 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Shuningdek, 2021-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 2020- yilga nisbatan 20 foizga ko‘p mablag‘lar ajratilgan.
Mahalliy budjetlarning 2021-yilgi daromadlari dastlabki prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 119 foizni, 2022- yilning birinchi choragida esa 112 foizni tashkil qilgan. Mahalliy byudjetlarning xarajatlari ham rejaga nisbatan 111 foizga ijro etilib, 65,5 trln so‘mni tashkil etgan.
Senat aʼzolari muhokamalar jarayonida soliq va bojxona idoralari tomonidan belgilangan davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishida soliqlarning undiruvchanlik darajasiga, soliq qarzdorligini va ortiqcha to‘lovlarni qisqartirish masalasiga asosiy eʼtibor qaratdilar.
Shuningdek, mahalliy byudjetlarning ijrosi va belgilangan prognozdan ortiqcha tushgan daromadlardan maqsadli foydalanilishi borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.






