2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun ma’qullandi

Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023 – 2024 yillar uchun budjet mo‘ljallari belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunni ishlab chiqishda 2022-2026 yillardagi soliq va budjet siyosatining ijtimoiy yo‘naltirilganini ta’minlash, “natijaga qaratilgan budjet” tizimini joriy etishga va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish tamoyillariga qat’iy rioya qilingan.
Qonunda soliq siyosatiga muhim o‘zgarishlar kiritilgan. Bunda yalpi ichki mahsulotda salmoqli ulushga ega ishlab chiqarish sohalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish nazarda tutilgan.
Jumladan, 2022 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari 6,0 foizni, shu jumladan, sanoatda 7,0 foizni, qurilish sohasida
8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori 2022 yil uchun yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilanmoqda.
2022 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 254,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat budjeti daromadlari 199,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida belgilanmoqda.
Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trln so‘m, xarajatlari esa 58,7 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Davlat budjetidan ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga 46,9 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trln so‘m, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trln so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trln so‘m yo‘naltirish belgilanmoqda.
Jumladan, Qonunda ochiq budjet, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 1 trln 553 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ nazarda tutilgan.
Senatorlar ta’kidlaganidek, Davlat budjeti mablag‘laridan adolatli hamda maqsadli foydalanish ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim.
Senat a’zolari tomonidan mazkur Qonun ma’qullandi.






