2022-yilda texnopark hududida jami 16,5 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarishni takomillashtirish va issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish, mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga oid, hamda geologiya sohasi va kimyo sanoatidagi loyihalar bilan tanishdi.
Taqdimotda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash ta’kidlandi. Shuningdek, uy-joy boshqaruv kompaniyalariga muayyan imtiyoz va yengilliklar berilishi qayd etildi. Jumladan, ular foyda va mulk solig‘idan ozod etiladi; ijtimoiy obyektlarga autsorsing asosida xizmat ko‘rsatish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi; maxsus texnika va uskunalar sotib olishga 90 milliard so‘m kredit ajratiladi va foizlarining bir qismi qoplab beriladi; import qilinadigan uskuna va texnikalarga bojxona bojlari kelgusi 3 yilda “nol” stavkada qo‘llaniladi; tugatilayotgan shirkatlarning muammoli kreditlari 3 yilga muzlatiladi.
Taqdimotda 2022-yilda issiqlik ta’minoti tizimida amalga oshiriladigan loyihalar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari har bir mahallaning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy markazi bo‘lishi kerakligini aytgan edi.
Geologiya sohasida amalga oshiriladigan ishlar taqdimotida yuqori texnologik metallar qazib chiqarish rejalari bayon qilindi. Davlatimiz rahbariga mamlakatimiz kimyo sanoatida amalga oshiriladigan loyihalar to‘g‘risida ham axborot berildi.
Xususan, umumiy maydoni 31 gektardan ortiq “Chirchiq” kimyo industrial texnoparki barpo etilmoqda. 2022-yilda texnopark hududida jami 16,5 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish, jumladan, polimer termoelastoplast komponentlari, ko‘piktirilgan polipropilen, mikrobiologik preparatlar, qog‘oz, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan.






