2022-yilning eng mashhur kibersport o’yinlari

Esports Charts portali translyatsiyalarni ko’rish bo’yicha eng mashhur kibersport o’yinlari reytingini e’lon qildi. Unga ko’ra, birinchi o’rinda Riot Games studiyasining League of Legends o'yini qayd etilgan. Keltiriishicha, o’yin 617 million soatdan ortiq tomosha qilingan.

Riot Games o'yini bo'yicha eng ommabop turnir 2022 World Championship bo'lib, u bir vaqtda onlayn ko'rilish soni bo'yicha yangi rekord o'rnatishga muvaffaq bo'lgan. Final vaqtida translyatsiyani 5 milliondan ortiq tomoshabin yig’gan.

Ikkinchi o’rinni Valve studiyasining Counter-Strike: Global Offensive o’yini egallagan. Foydalanuvchilarning jami ko’rishlar soni 448 million soatni tashkil qilgan. Uchinchi o’rinda 331 million soat tomosha qilingan Mobile Legends: Bang Bang mobil o’yini ko’rsatilgan.

Shuningdek, joriy yilgi natijalarga ko’ra, Dota 2 o’yini kuchli uchlikka kira olmagan va 313 million soat tomosha bilan 4-o’rinni egallagan. Riot Games studiyasining Valorant otishmasi esa ilk bor beshinchi o’ringa ko’tarilgan. O’yin 283 million soatdan ortiq ko’rilgan.