2025-yilga borib Oʻzbekiston kartoshka importini toʻxtatadi

Bugungi kunda milliy genofondda 250 xil kartoshka navi mavjud bo‘lib, 4 ta korxona va ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 27 ta navdan milliy urug‘ yaratish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, ulardan biri Samarqanddagi O‘zbekiston–Koreya qo‘shma korxonasidir. Uning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birinchi bosqichda Bulung‘ur, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 500 gektar, ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlaridan 2 ming gektar yer ajratish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida “ilm–ta’lim–ishlab chiqarish” tamoyili bo‘yicha Kartoshka urug‘chiligi markazi tashkil etiladi. Kartoshkaning yashirin virus kasalliklari va sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha 4 million dollarlik laboratoriya ishga tushiriladi.

Hukumat shu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishi natijasida 2025-yildan kartoshka urug‘chiligiga bo‘lgan ichki talab to‘liq ta’minlanadi.