2050-yilgacha Аmudaryo suvi 15 foizgacha Sirdaryo suvi 5 foizga kamayishi mumkin

Hisob-kitoblarga koʼra, 2050-yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foizga, Аmudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi prognoz qilinmoqda.

Bu haqda 2022–2026 yillarga moʼljallangan Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2023-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi toʼgʼrisidagi Prezident farmonida qayd etilgan.

Maʼlum boʼlisha, ichki xoʼjalik sugʼorish tarmoqlarining 77 foiz sugʼorish tarmogʼi tuproq oʼzanli boʼlib, 44 foiz tarmoq taʼmirlash va tiklashga, 10 foiz tarmoq esa, rekonstruktsiya qilishga muhtoj. Suv isteʼmolchilarining suv olish joylari esa aksariyat holda suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan.

Shu sababli, irrigatsiya tizimi va sugʼorish tarmoqlarining foydali ish koeffitsienti past boʼlib, asosiy manbalardan olinadigan suvning 35-40 foizi sugʼorish tarmoqlarida yoʼqotilmoqda.

Buning oldini olish maqsadida vazir—mirob—fermer uzluksiz tizimini yoʼlga qoʼyish hamda suvni tejaydigan raqamli texnologiyalarni joriy qilish koʼzda tutilmoqda. Natijada suvni yetkazib berishdagi tabiiy yoʼqotishlar salmogʼi 10 foizgacha kamaytiriladi. Shuningdek, suv soligʼi boʼyicha tushumlarning 25 foizi tumanlarda sugʼorish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yoʼnaltiriladi.

Davlat dasturiga koʼra, Suv xoʼjaligi vazirligiga 2023-yil yakuniga qadar 13 mingta ta suv xoʼjaligi obyektida raqamli texnologiyalarni joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini oʼz vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 milliard kub metr suv iqtisod qilish va 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sugʼorishga yoʼnaltirish topshirilgan.

Suv xoʼjaligi obyektlarini raqamlashtirish ishlariga jami 390 milliard soʼm mablagʼ ajratilishi rejalashtirilgan.