300 ayol ish bilan ta'minlanadi

Avval xabar qilinganidek, hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi ishchi guruh Farg’ona viloyatida bo’lib turibdi. Tashrif chog’ida ular "Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari"lari ro’yxatini tekshiruvdan o’tkazishmoqda hamda aholi bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqotlarni olib bormoqdalar.

Ishchi guruh viloyatning Toshloq tumanida bo'lib, tuman aholisining farovonligini oshirish bo'yicha olib borilgan ishlar bilan tanishdi.

Birinchi manzil - bu hunarmandlar markazi. Uch qavatli bino savdo markazi va ko'rgazma zali, gilam do'konlari hamda atlas va adras ishlab chiqarish sexlaridan iborat. Mashhur usta Ibrohimjon Sultonov boshchiligidagi markaz to'liq quvvat bilan ishga tushirilganida, bu yerda 300 dan ortiq ayol uchun ish o’rinlari yaratiladi.

Ishchi guruh a'zolari markaz faoliyati bilan tanishib chiqar ekan, u yerdagi xodimlar bilan norasmiy tarzda muloqot qilishdi. Bundan tashqari, markaz faoliyatini rivojlantirish hamda "Ayollar daftari"ga kiritilgan ishsiz ayollarni ishga jalb qilish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.