36 turdagi mahsulotlar importiga bojlarning bekor qilingani narxlarni oʻzgartirdimi?

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yilgacha 36 turdagi oziq-ovqat va tovarlar importiga 2024 yilgacha nol stavka joriy etilishini tasdiqlagan edi.
Mazkur hujjatda ko'zda tutilgan chora-tadbirlarning amaliyotdagi aksini tadqiq etish maqsadida PMTI ekspertlari narxlar o'zgarish holatini tahlil qildi.
Tahlil uchun boj to'lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli milliy supermarketlar narxlari asos qilib olingan.
Jumladan, 96 turdagi 3120 ta iste’mol tovarlari bo’yicha statistika “data-scraping” yo’li bilan yuklab olingan. Har bir tovar turi bo’yicha narxlar fevral va mart oyining oxiri uchun solishtirilgan.
Natijada bojxona tariflarining tushirilishi ba’zi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelgani maʼlum boʻlgan.
Jumladan, shokolad mahsulotlari o’rtacha 463 so’mga, sabzavot va meva konservalari — 802 soʻmga, go‘sht konservalari — 1164 soʻmga, mol go‘shti — 375 so’mga, vafli shirinliklari — 415 soʻmga, brinza — 275 soʻmga arzonlagan.
Bojxona bojlari tushirilgan boshqa turdagi mahsulot narxlarida hozircha o'zgarish bo'lmagan.
Jumladan, soqol olish vositalari, yormalar, yogurt, qaymoq, tvorog kabi sut mahsulotlari narxi oʻzgarmagan. Soch yuvish vositalari, choy va kofe, sabzavot, murabbo va souslar narxi esa bir oz oshgan.
Tahlilchilarga koʻra, bunday holat import inflyatsiyasining bojdan tashqari omillari taʼsiri kuchli ekanligi yoki bu mahsulotlar orasida ko’plariga talab ichki ishlab chiqarish hisobiga qondirilayotgani bilan izohlanishi mumkin.
“Tegishli ravishda, narxlar stabilligini taʼminlashga qaratilgan keyingi chora-tadbirlar raqobat muhitini rivojlantirishga yoʼnaltirilishi muhim ahamiyat kasb etadi”, deya hisoblamoqda ekspertlar.






