4 ta Prezident maktabi xalqaro maktablar kengashi a’zoligiga qabul qilindi

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari CIS (Xalqaro maktablar kengashi) a’zoligiga qabul qilindi. Ayni paytda 2021-yilda o‘z faoliyatini boshlagan 10 ta yangi Prezident maktabi mazkur tashkilot a’zoligiga o‘tish jarayonida.

Xalqaro maktablar kengashiga a’zo bo‘lish uchun, quyidagi talablar qo‘yilgan:

Ta’lim muassasasi faoliyat yo‘nalishining sifatli tashkil etilganligi;
maktab boshqaruvi, ma’muriyat faoliyatining sifatli yo‘lga qo‘yilganligi;
o‘quv dasturining muvafaqqiyatli joriy qilinganligi;
dars jarayonlarining sifatli tashkil etilganligi hamda baholash tizimi;
o‘quvchilar uchun zaruriy sharoitlarning yaratilayotganligi;
ta’lim muassasasining kadrlar bilan to‘liq ta’minlanganligi;
ta’lim muassasasi joylashgan binoning xavfsizlik talablariga javob berishi, texnologik va yordamchi tizimlarning mavjudligi;
o‘quvchilar tomonidan yaratilgan loyihalar, o‘qitish muhiti.
Mazkur Kengash a’zosi bo‘lishning ahamiyati:

Xalqaro maktablar kengashi (CIS)ga a’zolikka qabul qilinish bilan ta’lim muassasasi xalqaro maydonda tan olinganligini bildiradi;
Ushbu maktabda o‘qiydigan o‘quvchilarning chet eldagi TOP universitetlarda to‘liq grant yutish imkoniyati oshadi;
Kengash a’zosi bo‘lgan nufuzli maktablar va xalqaro tashkilotlar bilan ta'lim sohasidagi hamkorliklarni rivojlantirish imkoniyati kengayadi.