5 yil oldin oliy ta’lim bilan qamrovimiz 9 foiz edi, hozir 29 foizga chiqdik - Shavkat Mirziyoyev

Avval xabar berganimizdek, Ko'ksaroyda taqdirlash marosimi bo'lib o'tmoqda va Prezidentimiz ta'lim tizimi va IT sohasi bo'yicha fikr bildirdilar.

“5 yil oldin oliy ta’lim bilan qamrovimiz 9 foiz edi, hozir 29 foizga chiqdik. Shundan xursandmisiz, desangiz aytaman – yo‘q, hali xursand emasman. 50 foizgacha chiqarsak ko‘nglim to‘ladi. Olimlari, xalqi bilimli bo‘lgan davlat baribir kuchli bo‘ladi. Men bunga ishonaman. Ta’lim va yana ta’lim, deb bekorga aytmayman. Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini ham bejiz yo‘lga qo‘ymadik.

Navoiyda ko‘rdingiz, bilimli odam bemalol o‘z yo‘lini topyapti. Ikki yil avval Marhamatda IT-Park ochganimizda ko‘pchilik kulgandi. Hozir o‘sha parkdagi yigit-qizlar oyiga 3-4 ming dollargacha maosh olishyapti.

Yaqinda tadbirkorlar bilan uchrashdim. Shunda ko‘rdingiz, bir yigit agar imkoniyati bersangiz 100 ming kishini IT sohasida ish bilan ta’minlayman, dedi. Umuman tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq taklif tushdi, imkon qadar o‘zim o‘rganib chiqdim. 70 foizi adolatli gaplar. Endi ularning yechimi ustida ishlaymiz”, dedi davlat rahbari rasmiy nutq boshlanishi oldidan.