5 yilda Oʼzbekiston va Qirgʼiziston oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 baravar oshdi

Bishkek shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Qirgʼiziston Respublikasi Prezidenti S.Japarov bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
Uchrashuvda, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, suv-energetika, turizm va gumanitar sohalardagi koʼp qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama savdo koʼrsatkichlarida sezilarli oʼsish kuzatildi. Jumladan, soʼnggi 5 yil ichida Oʼzbekiston va Qirgʼiziston oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 baravar oshdi va 2021-yilda 950 million dollarga yetdi.
Bugungi kunda oʼzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligi maʼlum qilindi va shu munosabat bilan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʼrtasidagi aloqalarni mustahkamlash boʼyicha ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Investitsiyaviy sohada ham sezilarli yutuqlar kuzatilmoqda. Shu nuqtai nazardan, tomonlar ikki davlat oʼrtasidagi investitsiyaviy munosabatlar kengayishining katalizatori boʼlishga moʼljallangan Oʼzbek – qirgʼiz taraqqiyot jamgʼarmasining rasmiy ochilishini olqishladilar.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar va qoʼshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish hamda yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni yanada faollashtirish boʼyicha qator takliflarni bildirdilar.






