6 oyda hamkor davlatlar bozorlariga maishiy texnika eksporti 3 barobar oshdi

Sanoat zonalari infratuzilmasiga bu yilda 1,2 trillion soʼm ajratildi. Lekin, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mablagʼlarning 40 foizini ham oʼzlashtirilmagan.
Mutasaddilar va viloyat hokimlariga haligacha infratuzilma olib borilmagan sanoat zonalariga shaxsan borib, ishlarni oxiriga yetkazish topshirildi.
Oxirgi 6 oyda hamkor davlatlar bozorlariga maishiy texnika eksporti – 3 barobar, transformator – 3,6 barobar, tibbiy buyumlar – 9 barobar, trikotaj mato – 2 barobar oshdi.
Аgar mis, PVX, metall, polipropilen xom ashyolarini koʼproq olish imkoniyati yaratilsa, tadbirkorlarimiz eksportni bir necha barobar oshirishi mumkin.
Lekin masʼul vazirliklar bu masalalar bilan shugʼullanmayotgani tanqid qilindi.
Misol uchun, gilam mahsulotlari ishlab chiqarish uchun yiliga 70 ming tonna polipropilenga talab bor. Biroq, birjaga 2 barobar kam polipropilen qoʼyilmoqda. Natijada narx 30 foizga oshib, tonnasi 1 ming 800 dollarga koʼtarilgan.
Xuddi shunday, mebelchilikda ishlatiladigan formalin ichki bozorda 260 dollardan sotilayapti (raqobatchi bozorlarga nisbatan 60 dollarga qimmat).
Yaratilgan sharoitlar va mablagʼ borligiga qaramasdan, masʼul vazirliklar va mutasaddilar bu muammolar bilan shugʼullanmayotgani tanqid qilindi.
1-dekabrgacha ishlab chiqaruvchi va treyderlar bilan ishlab, yetishmayotgan xom ashyoni chetdan olib kelish hisobiga zaxira yaratish va grafik asosida uni birjaga qoʼyish topshirildi.






