Prezident va tadbirkorlar oʼrtasidagi «Ochiq muloqot» yakunlari boʼyicha matbuot anjumani oʼtkazildi

Joriy yilning 29-avgust kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan boʼlib oʼtgan “Ochiq muloqoti” yakunlariga bagʼishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʼrinbosari Baxtiyor Raximov, biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov, SSP raisining birinchi oʼrinbosari Islom Jasimov, respublika OАV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.

Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan har yili oʼtkaziladigan "Ochiq muloqot" mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish, ularni doimiy qoʼllab-quvvatlash, muammolarini hal qilish, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biri darajasiga koʼtarilgani samarasi ekanlgi taʼkidlandi.

"Ochiq muloqot" ga tayyorgarlik koʼrish jarayoni haqida soʼz bordi. Jumladan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda “Koll-markaz” hamda tadbirkorlarning murojaatlarini jamlash va tahlil qilish boʼyicha Respublika shtabi tashkil etildi. Shtab faoliyati davomida 12 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan boʼlib, shu vaqtgacha ularning 85% ijobiy hal etilgan.