Abdulaziz Kamilov Kobulda Afg‘oniston TIV rahbari v.b. bilan uchrashdi

Joriy yilning 19-iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov Kobulda Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Afg‘oniston TIV matbuot kotibi o‘rinbosari Hofiz Ziyi Ahmadning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatulla Ergashev ham bor.
Uchrashuv mobaynida savdo va tranzit sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ko‘tarilib, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi. Shuningdek, Muttaqiy Abdulaziz Kamilovni yangi lavozimi bilan tabrikladi.
“O‘zbekistonga afg‘onlar bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorligi uchun minnatdorchilik bildiraman”, — dedi u.
Shuningdek, Muttaqiy iyul oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qilindi. Qo‘shni mamlakat muvaqqat hukumati O‘zbekistonga Savdo vazirligi vakillari boshchiligidagi delegatsiyani yuborish istagini bildirdi.






