“ABDULAZIZXON” MADRASASI E’TIBORGA MUHTOJ

Buxoro shahridagi “Abdulazizxon” madrasasi xarobaga aylanib bormoqda. Vaziyat shu zaylda davom etsa yurtimizdagi tarixiy obadilar bittaga kamayishi ehtimoldan holi emas.

Joriy yilning 23-24 iyun kunlari Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tomonidan tashkil etilayotgan anjumanda turizim masalalari muhokama etilishi haqida xabar bergandik. Xususan, unda “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar kelishib olinishi ham ko‘zda tutilganligi haqida yozgan edik.

Bizning har bir chiqishlarimizni ziyraklik bilan kuzatib boruvchi hamyurtlarimiz maqolaga nisbatan o‘z izohlarini yozib qoldirishga ham ulgurishgan.

Ana shu izohlar ichida bir murojaat e’tiborimizni tortdi. Kuzatuvchimiz o‘z izohlarida bugun yurtimizda turizm tobora rivojlanib borayotgani, qadimiy yodgorlik va qadamjolar qayta tiklanayotgani haqida yozgan. Ammo yuz yillardan buyon o‘z mahobati va salobati bilan barchani o‘ziga jalb etib kelayotgan, bugun esa biroz e’tibordan chetda qolayotgan yodgorliklar va majmualar ham borligi haqida eslatib o‘tganlar. Shulardan biri Buxorodagi Abdulazizxon madrasasidir.

Shu o‘rinda mazkur madrasa haqida qisqagina m’lumot berib o‘tish o‘rinlidir. Madrasa XVII asr Buxoro me’morchiligining yetuk namunasidir. Ushbu Abdulazizxon madrasasi ashtarxoniylarning beshinchi vakili Abdulazizxonning buyrug‘i bilan me’mor Mimxoqon ibn Xo‘ja Muhammadamin tomonidan 1652-yilda qurilgan.

Madrasa o‘rta asrlarning so‘nggi davriga mansub bo‘lib, Buxorodagi Ulug‘bek madrasasi qarshisida qurilgan. Uning qurilishiga homiylik qilgan Buxoro xoni Abdulazizxon (1614-yil Balx – 1681-yil Makka) Nodir Muhammadxonning katta o‘g‘li bo‘lgan. 1626-yildan Xuttalon hokimi, 1630-yildan esa Balxning g‘arbiy tumanlari hokimi bo‘lgan. 1645-yildagi fitna natijasida Buxoro xonligi taxtini egallagan. Abdulazizxon markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qilgan. Mamlakat obodonchiligiga birmuncha hissa qo‘shgan. Buxoroda ko‘pgina muhtasham binolar qurdirgan. Abdulazizxon madrasasi shulardan biridir.

Madrasa tuzilishi oddiy va hujralari ikki oshyonli. Katta peshtoq nafis va nodir koshinkori naqshlar bilan ziynatlangan. Islomiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham tushirilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janubiy ayvon peshtoqi turli-tuman naqshlar bilan bezatilgan. Gumbaz shiftining ganchli muqarnaslari orasida islomiy naqshlar va zarhal bezaklar ham bor. Naqshlar asosan, moviy rang bo‘yoqlar bilan chizilgan. Atrof aylanasi 50×67 m., hovli — 28×35 metr bo‘gan.

Ma’lumotlarga qaraganda 1997-yil Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha me’moriy inshootlar qatorida Abdulazizxon madrasasi ham qayta ta’mirdan chiqqan. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Ta’mirlanganiga 24 yil bo‘lgan ushbu madrasa bugun yana o‘ta ayanchli ahvolga kelib qolgan. Oldi tarafidan qaraganda eski, tarixiy majmualigi bilinib turgan ushbu madrasaning orqa tarafi go‘yo xaroba qoldiqlarini eslatadi. Ushbu manzara tarixiy majmuaning anchadan buyon e’tibordan chetda qolganiga guvohlik berib turibdi.

Albatta, buning obyektiv va subyektiv sabablari bo‘lishi mumkin. Biroq, bundan buyon agar u himoyaga olinmasa batamom yo‘q bo‘lib ketish ehtimoli bor.
Kuyunchak kuzatuvchilarimiz Turkiy tilli davlatlarda “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida ana shunday obyektlarga e’tibor qaratilishini juda yaxshi biladilar. Shunday ekan Buxoro viloyat hokimligi Abdulazizxon madrasasini tezkor ta’mirlab, muqaddas qadamjoga aylantirishlari lozim. Kimlargadir orzu bo‘lgan bunday buyuk tarix namunasi bizda bu tarzda abgor ahvolda qolishi ajdodlarning avlodlar oldidagi kechirilmas xatosi bo‘lishi muqarrar.
Qolaversa, bunday tarixiy obidalarga boy davlatlar sayyohlar bilan gavjum bo‘lshini ham unutmaslik kerak.

Bugun nazarimizga ilmagan Abdulazizxon madrasasi kabi tarixiy binolar biroz mehr va e’tibor sabab ertaga turizm ortidan millionlab mablag‘ keltirishi mumkinligini tushunish uchun ortiqcha aql shart emas nazarimizda.Yana kim biladi, deysiz.