«ACWA Power» kompaniyasi O'zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda

2021 yil 19 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov «ACWA Power» (Saudiya Arabistoni Qirolligi) boshqaruv kengashi raisi -O'zbekiston-Saudiya qo'shma Biznes kengashi raisi Muhammad Abunayyan bilan videokonferensiya shaklida muzokara o’tkazdi.

Qo'shma loyihalarni amalga oshirish va muqobil energetika sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Sirdaryo issiqlik elektr stantsiyasi negizida quvvati 1500 MWt bo'lgan birlashtirilgan siklga ega issiqlik elektrostansiyasini qurish borasidagi ishlar muhokama qilindi, shuningdek, Buxoro viloyatidagi umumiy quvvati 1 GWt bo’lgan ikkita shamol elektrostansiyasining qurilish jarayonining boshlanishini tezlashtirish bo’yicha vazifalar belgilandi.

Saudiya Arabistoni tomoni O'zbekistonda loyihalarni yanada rivojlantirish va investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi. Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasida umumiy quvvati 1,5 GWt gacha bo'lgan yangi shamol elektr stansiyalari "ACWA Power" ni qurish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarning natijalari bo’yicha amalga oshirilayotgan va davom ettirilayotgan loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama o'zaro aloqalarni faollashtirish to'g'risida kelishuvga erishildi.